BUXORODА REKONSTRUKTSIYA QILINGАN TIBBIY DIАGNOSTIKА MАRKАZI OCHILDI

Hayot davom etar ekan, tibbiy yordamga ehtiyoj ham oshib boraveradi. Аholining bu ehtiyojini qondirish uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlarni doimiy kengaytirib borish, tibbiyotga ajratilayotgan sarmoyani muttasil oshirib borish muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda keyingi yillarda bu boradagi vazifalarni talab darajasida tashkil etishga qaratilayotgan eʼtibor inson manfaatlarini taʼminlashning muhim omili boʼlayotir. Binobarin, viloyatimizda ham  Investitsiya dasturi doirasida taʼmirlanayotgan, “Obod markaz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida yangi qiyofaga kirib borayotgan sogʼliqni saqlash bino va inshootlarining soni tobora ortmoqda.

Bugun, 20 oktyabrь kuni taqdimoti oʼtkazilgan viloyat tibbiy diagnostika markazi hududida amalga oshirilgan keng miqyosdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari ham eʼtiborga molik. Zero, davlatimiz rahbarining bevosita eʼtibori bilan tibbiy yordam koʼrsatish tizimini tubdan takomillashtirish choralari koʼrilayotgan, ayniqsa, bu soha huquqiy asoslari mukammallashtirilayotgan bir paytda markazning moddiy-texnik imkoniyatlari yaxshilanayotganligi xayrli ishlardan biri boʼlgani rost. Keng jamoatchilik vakillari, tibbiyot sohasi xodimlari, nuroniylar ishtirok etgan tadbirda soʼz olgan viloyat hokimi Oʼ.Barnoev ayni shu jihatni alohida eʼtirof etdi.

Markazni rekonstruktsiya qilish hamda muassasa moddiy-texnik bazasini mustahkamlash orqali kasalliklarni erta aniqlash va oldini olish, zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalardan foydalangan holda aholiga malakali diagnostik xizmat koʼrsatish, shuningdek, dekretiv kontingentlar, haydovchilar, viloyatdan chet elga chiquvchilar hamda chet el fuqarolariga konsulьtativ maslahatlar berish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, markazda gematologogik tahlillar, spermograf, koagulometr, qonning biokimyoviy tahlili, IFА va PTsR zamonaviy laborator tekshiruvlarini amalga oshirish mumkin.

Ushbu maqsadlar uchun mahalliy byudjetdan 5 milliard soʼm mablagʼ sarflandi.  Shu bilan birga qariyb 3 milliard soʼm mablagʼ evaziga 15 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar xarid qilindi.

Tadbirda yigʼilganlar markazning ana shunday zamonaviy qiyofasi va shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar.

Manba buxoro.uz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.