Va nihoyat, shifokorlarning himoyachisi topildi

2018 yil 3 avgust kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida fuqaro N.Mirzajalilov tez tibbiy yordam shifokori Sh.Sirojiddinovga hujum qilib, unga o‘rtacha og‘ir darajadagi tan jarohati yetkazgan.

2017-2018 yillar davomida tibbiyot xodimlariga nisbatan qilingan 400 dan ortiq ana shunday tajovuzlar qayd qilingan. Ulardan faqat 40 taginaholatda tibbiyot xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, amaldagi qonunchilikda faqat sog‘liqqa zarar yetkazgan shaxsni javobgarlikka tortish bo‘yicha umumiy normalar belgilangan.

Biroq tibbiyot xodimlariga nisbatan hujum qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi, shuningdek o‘z vazifasini bajarayotgan tibbiyot xodimlarini bemorlar va ularning yaqin qarindoshlarining hujumidan himoya qiluvchi maxsus normalar mavjud emas.

2019 yil 8 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ushbu masala muhokamalar markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi deputatlari Shuhrat Yakubov va Qodir Jo‘rayev tomonidan ishlab chiqilgan “Tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq kasbiy faoliyatini amalga oshirayotgan tibbiyot xodimlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasida o‘z xizmat vazifasini olib borayotgan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilgan shaxslarga nisbatan amaldagi qonun hujjatlariga ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Chunki “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi elektorati hisoblangan tibbiyot xodimlarining kasbiy majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilish, ularning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazishga urinish holatlari ko‘payib bormoqda.

Deputatlar tomonidan ta’kidlanganidek, Ichki ishlar, Majburiy ijro byurosi yoki boshqa davlat hokimiyati organlari xodimlariga tajovuz qilganlik uchun og‘irroq jazo choralari qo‘llanilmoqda. Xalqimiz salomatligi yo‘lida o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga tajovuz uchun esa, nisbatan yengilroq jazo choralari qo‘llanilmoqda.

“Adolat” SDP sog‘liqni saqlash xodimlarining kasbiy faoliyat olib borishlari uchun yetarli sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash orqali sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga erishish tarafdoridir. Bundan tashqari deputatlar bu kabi tashabbuslar sonini ko‘paytirish hamda raqobatdosh partiyalar singari quruq va’dalar yoki osmono‘par takliflar berishga bog‘lanib qolmasdan, real ish va amaliy natijalar uchun harakat qilishi lozimligi qayd etildi. Yig‘ilish yakunida elektoratimiz a’zolari –shifokorlar himoyasiga qaratilgan qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston “Adolat” SDP

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.