Asosiy maqsad – kasallikni erta aniqlash va samarali davolash

Asosiy maqsad – kasallikni erta aniqlash va samarali davolash

Maʼlumotlarga koʻra, 2018-yilda jahon boʻyicha saraton kasalliklari bilan olamdan oʻtganlar soni 9,6 millionni tashkil etgan. Ularning 22 foizi tamaki mahsulotlari sabab shu kasalga chalingan va dunyodan koʻz yumgan ekan.
Xoʻsh, xorijda va mamlakatimizda bu kasalning oldini olish, davolash boʻyicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Toshkent viloyatining “Layner” majmuida oʻtkazilayotgan “CARO–2019” II Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi ishtirokchilarining bu haqda fikr-mulohazalari bilan qiziqdik:
– Odiljon Ahmedov, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining oʻrinbosari:

– Ochigʻini aytganda, yurtimizda bu kasallik bilan ogʻrigan bemorlar haqida maʼlumotlar quvonarli emas. Ayniqsa, keyingi 5 yil ichida bunday bemorlar soni keskin oshgan. Masalan, 2018-yilda 22 mingdan ortiq bemor qayd etilgan boʻlsa, umumiy hisobga turadiganlar soni 95 mingdan ziyodni tashkil etadi. Ular orasida koʻkrak, oshqozon, bachadon boʻyi, oʻpka saratoniga chalinganlar koʻpchilikni tashkil etadi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 4-apreldagi “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarda kasallikni erta aniqlash va davolash masalasi asosiy maqsad qilib qoʻyilgan.
Shu talablardan kelib chiqib, bugungi kunda markazimiz hududlardagi filiallariga 10 nafar yetakchi mutaxassisni yubordik. Ular rahbarligida kasallikni erta aniqlash va tibbiy xizmatni yanada yaxshilash choralari koʻrilmoqda. Shu bilan birga, bugungi kunda radiologiya uskunalari bilan taʼminlash muammolarini yechishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Chunki bu yoʻnalish keyingi oʻn yil ichida rivojlanish jarayoni juda sust edi.
Ayni kunda biz bemorlarni nur bilan davolashda mavjud 2 chiziqli tezlatgich va 6 “Kobolt“ apparatidan unumli foydalanilmoqda. Bu borada 11 gammaterapevtik va 7 braxiterapiya uskunasi amaliyotga tatbiq etilayotgani ayni koʻrilayotgan choralardan. Mamlakatimizda radioonkologiya sohasini rivojlantirish maqsadida ikkinchi bor tashkil etilayotgan Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi shu yoʻnalishda xalqaro tajribalarni oʻrganish hamda zamonaviy nur terapiyasi uskunalari bilan yaqindan tanishishda katta imkoniyatdir. Negaki, unda koʻplab xalqaro davlatlarining ishtiroki biz uchun tajriba va malaka oshirish yoʻlida muloqotlari olib borishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Mark Myunter, Germaniyadagi Shtutgart klinikasi professori:
– Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarining yangi davri boshlandi. Bugun turizm sohasining jadal rivojlanayotgani hamda germaniyaliklarning yurtingiz tarixiy obidalari va anʼanalariga boʻlgan qiziqishi ortayotganini katta quvonch bilan aytgim keldi. Bundan tashqari, tibbiyot, taʼlim, qishloq xoʻjaligi kabi sohalardagi aloqalar ham yangi pogʻonaga chiqmoqda. Endi tibbiyot haqida toʻxtalsam. Men yurtingizga birinchi bor keldim. Bugun Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressida insonlarda uchraydigan oʻpka saratoni va uni davolashda qoʻllanilayotgan ilgʻor tajribalar haqida taqdimot qildim. Albatta, bu yerda nafaqat Germaniya, balki Rossiya, Belarus, Turkiya kabi davlatlar, shuningdek, Markaziy osiyolik ishtirokchilarning soha rivojidagi amaliyoti bilan tanishishga muvaffaq boʻldik. Ochigʻi bu men uchun ham foydali boʻldi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, tibbiyotdagi oʻzaro hamkorliklar, xususan, “OPASCA German Oncology Solutions GmbH” kompaniyasining tashabbusi bilan yurtingizda amalga oshirilayotgan loyihada katta maqsad koʻzlangan. Oʻta jiddiy va ulkan maqsadlar rejalashtirilayotgan ushbu loyiha haqida kongress ishtirokchilari yanada keng maʼlumotlarga ega boʻldi.
Endi ikki ogʻiz faoliyatimiz haqida toʻxtalsam. Afsuski, bu kasallik bilan ogʻrigan bemorlar Germaniyada ham koʻp. Oʻlim holati ham tez-tez kuzatiladi. Biroq bizda kasallikni davolashda uning erta oldini olish va bemorning umrini uzaytirish metodikasi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, men ishlayotgan klinikada bemorlarni davolashda toʻgʻri metodika bilan davolash yoʻlga qoʻyilgan va u yaxshi samara bermoqda.
– Shujoadin Nizomov, Tojikiston Respublikasi onkologiya ilmiy markazi fizik-radiologi:
– Ushbu kongressda ilk bor qatnashdim. Bu yerda taqdim etilgan xalqaro tajriba va zamonaviy tibbiy uskunalarning imkoniyatlari bilan tanishdim. Men kabi Tojikistondan kelgan mutaxassislar uchun kongress qiziqarli va yangiliklarga boy boʻldi. Shu bilan birga, bu yerda har bir davlatda onkologiya va radiologiya sohasiga qaratilayotgan eʼtibor hamda yechimini kutayotgan muammolar ham oʻrtaga tashlandi. Keng doiradagi muloqot maydoniga aylanayotgan mazkur Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressining anʼanaviy oʻtkazilishini istar edim. Hatto bu kongress ishtirokchilarining asosiy istagi ekanini muloqot jarayonida bildim. Buning uchun Oʻzbekiston hukumati va tashkilotchilarga tashakkurimni bildiraman.
Taʼkidlash kerakki, Tojikistonda ham saraton kasalliklarini davolash va bu borada tibbiy xizmatni yaxshilash boʻyicha qator choralar koʻrilmoqda. Bu boʻyicha maxsus dasturimiz bor.
Bizda bu kasallikni davolash jarayonlari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa-da, biroq tibbiy uskunalar bilan taʼminlanganlik darajasi qoniqarli emas. Masalan, markazimizda bitta “Kobolt“ va bitta braxiterapiya uskunasi mavjud. Hozirgi kunda mavjud masalaga davlat tomonidan katta ahamiyat berilmoqda. Tojikiston hukumati va Atom energiyasi xalqaro agentligi hamkorligida Xoʻjandda markazimizga qarashli radioterapiya klinikasi barpo etildi. U oktyabr oyidan boshlab bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsata boshlaydi. Shu bilan birga, 2021-yilda onkologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan zamonaviy klinika qurilishi boshlanadi. U maxsus dastur asosida zamonaviy uskunalar bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan.
Manba uza.uz
This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.