Oʻzbekiston va Germaniya radioonkologiya sohasida hamkorlikni mustahkamlaydi

Oʻzbekiston va Germaniya radioonkologiya sohasida hamkorlikni mustahkamlaydi

Sogʻliqni saqlash vazirligida Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressining Germaniyadan kelgan vakillari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
– Avvalo, ikki davlat oʻrtasidagi tibbiyot sohasidagi oʻzaro aloqalar mustahkamlanib bormoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Yusupaliyev. – Buning samarasini onkologiya sohasida dastlabki erishilayotgan natijalarda koʻrishimiz mumkin. Masalan, bu yil ikkinchi bor oʻtkazilayotgan kongress koʻplab mahalliy va xorijiy mutaxassislarning oʻzaro tajriba almashishiga imkon yaratayapti. Ayniqsa, bu jarayonda germaniyalik radioonkologlarning oʻzbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda ishlashga bel bogʻlayotgani bizni quvontirmoqda. Qolaversa, hamkorlikning yana bir koʻrinishi – bu yurtimizda Nemis onkologiya klinikasini barpo etishdir. Bu borada dastlabki ishlar boshlangan.
Eʼtiborli jihati, bu yilgi kongressda bolalarda uchraydigan ushbu kasallik va uni davolashning zamonaviy usullari haqida ham xalqaro mutaxassislar oʻz tajribalarini taqdim etadi.

– Kogress ishtirokchi-mutaxassislari Toshkentdagi xususiy klinikada boʻlib, shu kasallikka chalingan bemor bolalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi, – dedi Germaniyadagi “OPASCA German Oncology Solutions GmbH” kompaniyasi bosh direktori Aleksey Sverdlov. – Men kasbim taqozasi bilan juda koʻp davlatlarda boʻlaman. Yaqinda Avstriyada oʻtkazilgan ana shunday kongressda ishtirokchilar Oʻzbekistonda onkologiya yoʻnalishiga berilayotgan eʼtiborga katta qiziqish bildirdi. Bu soha rivoji uchun koʻrilayotgan chora-tadbirlarning davlat siyosati darajasida koʻtarilganidan darak beradi. Oʻzbekistonda Nemis onkologiya klinikasini ishga tushirish va shu sohada zamonaviy onkologik tibbiy xizmatni joriy etish ayni shu ishlar ijrosiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Pediatriya” rezidentura mutaxassisligi boʻyicha qoʻshma dasturni imzoladi.
Manba uza.uz
This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.