O`zLiDeP tashabbusi bilan Shofirkonda 300 nafardan ortiq kishi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Shofirkon tumanidagi Istirohat bog‘ida O`zLiDeP tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar ko‘magida bo‘lib o‘tgan “Mehrijon ” bayrami tadbiri ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi. Mazkur tadbir doirasida keng ko‘lamli ishlar tashkil qilindi. Kuy-qo‘shiq va diltortar raqslar va sahna ko‘rinishlari bilan boshlangan bayramda O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi bo‘limlari rahbarlari ham ishtirok etib, ular yig‘ilganlarni partiyaning maqsad, vazifalari bilan tanishtirdilar.
—Yarmarkani tashkil qilingani aholiga yaxshi bo‘ldi, — deydi O’zLiDeP a’zosi, “Lutfullo murabbiy baliqchi” MChJ rahbari Baxtiyor Burhonov. — Ko‘pchilik arzonlashtirilgan narxlarda oziqovqat va nooziqovqat mahsulotlarini xarid qilayapti. Bizning jamiyat bundan 2 yil muqaddam tashkil qilingan. Jamiyat negizida nafaqat baliqchilikni rivojlantirdik, shu bilan birga non va non mahsulotlari ishlab chiqarayapmiz. Bundan tashqari, umumiy ovqatlanish shoxobchasini ishga tushirdik. Qisqasi, hozircha 7 nafar kishini ish bilan ta’minladik. Bir yilda viloyat aholisiga o‘rtacha 200-300 mingta baliq chavoqlari va 50 tonnagacha tovar baliq sotayapmiz. Sof daromadimiz 50-60 million so‘mga to‘g‘ri kelayapti. Yaqinda 300 tonna mahsulot sig‘imiga ega muzlatgich xarid qilamiz. Qisqasi, yana kamida o‘n nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlaymiz.
Tadbir jarayonida turli sport o‘yinlari ko‘rgazmalari, oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil qilindi. Bundan tashqari, mazkur bog‘ hududida joylashgan “Nuroniylar” maskanida partiyaning “Ayollar qanoti” tomonidan “Sog‘lom oila — mustahkam oila” loyihasi doirasida “Sog‘lom bola — sog‘lom oila mevasidir” mavzuida bepul tibbiy ko‘rik tashkil o‘tkazili. Unda 300 nafardan ziyod shofirkonliklar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
—Ayni sog‘ligimga jiddiy e’tibor qaratadigan yoshdaman , — deydi shofirkonlik Nodira Berdiyeva. — Bugun ko‘plab shifokorlarni jalb qilib, aholi salomatligiga bu darajada ahamiyat berilgani nur ustiga nur bo‘ldi, albatta. Men ham boshqalar qatori tibbiy ko‘rikdan o‘tdim.
—Bobir MFY hududidagi Naqqosh qishlog‘ida istiqomat qilaman, — deydi 76 bahorni qarshilagan otaxon Tohir Sharipov. — Mana, bepul tibbiy ko‘rikka kelib, uzi va ekg tekshiruvlaridan o‘tdim. Umrlaridan baraka topishsin, menga o‘xshagan ko‘plab qariyalar kelib, endikrinolog, akkulist kabi do‘xtirlarga ko‘rinib, bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tayaptilar. Partiya ana shunaqa amaliy ishlarni qilayotgani yaxshi-da, tashkilotchilar bizdek keksalarning duolarini olayaptilar. Ularga yana bir bor rahmat.

Hamza Turdiyev

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.