YANGILАNАYOTGАN TIBBIYOT

BUXORO VILOYATI:

YANGILАNАYOTGАN TIBBIYOT

Islohotlar quloch yozayotgan bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti va sohalar rivoji yoʼlida har bir insondan faollik talab etiladi. Bu jihat ayniqsa, xalq va davlat oʼrtasida tom maʼnodagi koʼprik vazifasini oʼtayotgan deputatlar oldiga ham muayyan talablarni qoʼymoqda. Ular faqat markazda – idoralarda oʼtirib emas, aksincha koʼproq odamlar orasiga kirib ularning muammolari, oʼy va kechinmalari bilan qiziqishi, oʼz vakolati doirasida koʼmak bera olishi lozim.

Аyniqsa, joylarda aholiga koʼrsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami samaradorligini oshirish, tibbiy muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholi oʼrtasida sogʼlom turmush tarzi tamoyillarini targʼib qilishda masʼul kishilar ishini oʼrganish, amaliy ishlarni tahlil qilish, zarurat tugʼilganda ularga yordam koʼrsatish xalq vakillarining zimmasidagi muhim vazifalardan biridir.

“Biz oʼz faoliyatimizni boshlagan dastlabki kunlardan eʼtiboran siz, hurmatli xalq vakillari bilan barcha muhim vazifalarimiz qatorida ikkita eng asosiy masalaga alohida ahamiyat qaratish haqida kelishib olgan edik,- deb taʼkidladi Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev Oliy Majlis Senatining yaqinda boʼlib oʼtgan 20-yalpi majlisidagi nutqida. – Bularning birinchisi – jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash boʼlsa, ikkinchisi – aholimizning sogʼligʼini muhofaza qilishdir.

Hammamiz tushunamiz, tinchlik va sogʼliq – bu har bir inson, butun xalqimiz uchun hech narsa bilan oʼlchab, baholab boʼlmaydigan buyuk neʼmatdir. Shuning uchun ham mana shu ikki sohada biz ahvolni tubdan oʼzgartirib, ijobiy natijalarga erisha olsak, butun jamiyatimizdagi vaziyat va ijtimoiy muhit keskin oʼzgaradi, men bunga aminman”.

 

Prezidentimizning jon kuydirib aytgan bu gaplari bejiz emas. Keyingi uch yil davomida u kishining tinchlik va xalq sogʼligʼi yoʼlida qilayotgan ulugʼ saʼy-harakatlari tufayli mamlakatimizni butun dunyo tez taraqqiy etayotgan davlatlar qatorida eʼtirof etmoqda. Xoʼsh, biz-chi? Biz oʼzini Oʼzbekistonning vatanparvar fuqarosi deb hisoblaydigan, qolaversa, Prezidentimiz va xalqimiz ishongan joylarda oʼtirgan vakolatli odamlar, taraqqiyotga qanchalik hissa qoʼshayapmiz?

 

Buxoro viloyatida sogʼliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga bir nazar soladigan boʼlsak, keyingi yillarda birmuncha oʼzgarishlar roʼy berganiga shohid boʼlamiz.

 

RАQАMLАR RIVOJLАNISHDАN SOʼZLАYDI

Buxoro viloyatida 1,9 million nafar aholiga 250dan ortiq davolash-profilaktika va yordamchi muassasalar tibbiy xizmat koʼrsatadi. Ulardan 30 tasi statsionar tipidagi, 186 tasi ambulator-poliklinika muassasalaridir. Viloyatda tibbiyotning birlamchi tizimini maqbullashtirish ishlari natijasida 70 ta qishloq oilaviy poliklinikalari tashkil qilingan boʼlib, ularning barchasida ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari, 70 ta tez yordam shoxobchalari va 202 ta ijtimoiy dorixonalar tashkil etilgan. Qishloq vrachlik punktlari soni 93 tani tashkil qilmoqda.

Tizimni moliyalashtirish uchun 2019 yilda davlat byudjeti tomonidan 645,4 mlrd. soʼm ajratilgan boʼlib, uning 36,7 mlrd. soʼmi (5,7%) dori-darmon xarajatlari uchun sarflanadi. Bundan tashqari sogʼliqni saqlash sohasiga mahalliy byudjetning rejadan ortiq topilgan mablagʼlari hisobidan 7 oy davomida 23,4 mlrd. soʼm mablagʼ sarflandi.

2017 yilda vrachlar vakansiyasi 663 tani tashkil etgan boʼlsa, 2019 yil boshida 135,5 ni tashkil qildi. Ushbu vakansiya 140 nafar institut bitiruvchilari hisobidan va 62 nafar ishlab turgan vrachlarni qayta tayyorlash yoʼli bilan yopilishi rejalashtirilgan. Viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi qoshida tashkil etilgan toifalash komissiyasi tomonidan 403 nafar oliy maʼlumotli tibbiyot xodimlariga I va II toifa darajalari berildi.

Viloyatda tez tibbiy yordam tizimiga jami 93 ta “Damas” (shundan 30 ta mahalliy byudjet hisobidan) va 18 ta “Xunday” va “Toyota” rusumli zamonaviy reanimobillar yetkazib berilishi natijasida avtomashinalar soni normativga koʼra 153 taga yetkazildi.

Dori-darmon uchun bir chaqiriqqa sarflanadigan mablagʼ miqdori 5800 soʼmga yetkazildi. Tez tibbiy yordam brigadasi 36 nomdagi dori vositalari bilan toʼliq taʼminlandi. Tez tibbiy yordam stantsiya va shahobchalari soni 111 tagacha oshirildi (13 ta stantsiya, 10 ta OP, 70 ta QOP, 11 ta QVP, 7 ta alohida shoxobchalar). Natijada, viloyat boʼyicha tez tibbiy yordamning kechikishlar foizi 3% dan 0,5% gacha kamaydi. Tez tibbiy yordamga chaqiriqlar foizi 30-35% ga oshib, bu aholining tez tibbiy yordamga boʼlgan ishonchining oshganligidan dalolat beradi. Tez tibbiy yordam tizimining vrachlar bilan taʼminoti 100 foizga yetkazildi.

Viloyatda 2019 yilning 7 oyi davomida 4 ta onalar oʼlimi qayd etilib, 2018 yilning shu davriga nisbatan bittaga kamaygan. Goʼdaklar oʼlimi koʼrsatkichining 7,4 dan 7,2 gacha kamayishi qayd etildi.

INVESTITSIYA DАSTURI АSOSIDА

2019 yilning 7 oyi davomida 33 ta xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etilib, ularning soni 412 taga yetdi. Buxoroda Oʼzbekiston-Koreya qoʼshma “UzXimchan” klinikasi (chet el investitsiyasi miqdori 5,0 mln АQSh dollari) da 90 ta statsionar davolanish oʼrinlari hamda 100 ta ish oʼrinlari yaratish boʼyicha ishlar yakunlanish arafasida. Bundan tashqari, “Medanta healthcare” – 600,0 ming АQSh dollari (Hindiston), “Vujin Pleimvujin” – 5,3 mln АQSh dollari (Koreya), “Megapolis kapital” – 2,0 ming АQSh dollari (Hindiston) kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.

Investitsiya dasturi asosida 26 ta obʼektda 46,1 mlrd. soʼmlik qurilish-rekonstruktsiya va kapital taʼmirlash ishlari olib borildi. Аyollar va bolalar “Muruvvat” uylari hamda “Keksalar, nogironligi boʼlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari sanatoriyasi” qurilishi uchun 14,2 mlrd. soʼm ajratilgan. “Obod mahalla” dasturi boʼyicha 9,3 mlrd soʼmlik, mahalliy byudjetning qoʼshimcha mablagʼlari hisobidan viloyat koʼz kasalliklari shifoxonasi uchun 5,2 mlrd soʼm, viloyat tibbiy diagnostika markazi uchun 4,4 mlrd soʼm, “Obod qishloq” dasturiga qoʼshimcha ravishda 8,2 mlrd soʼm, jami 27,1 mlrd soʼmlik qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. 2019 yilda tibbiyot muassasalarini jami 6,6 mln. dollarlik tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi rejalashtirilgan.

Markazlashgan xaridlar boʼyicha viloyat koʼp tarmoqli tibbiyot markaziga 1 mlrd 488 mln soʼmlik, “Salomatlik-3” loyihasi dasturi asosida tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga 945,0 mln soʼmlik asbob-uskunalar yetkazildi. Mahalliy byudjet mablagʼlari hisobidan RShTYoIM Buxoro filialiga 870,0 mln soʼmlik, viloyat koʼz kasalliklari shifoxonasiga 1,2 mlrd soʼmlik, viloyat onkologiya dispanseriga 588,3 mln soʼmlik asbob-uskunalar yetkazib berildi. Viloyat tibbiy diagnostika markazini zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlash uchun 2,9 mlrd soʼm ajratildi.

Davlat-xususiy sherikligini yoʼlga qoʼyish asosida ginekologik xizmatni rivojlantirish maqsadida viloyat perinatal markazida EKO (ekstrakorporal urugʼlantirish) ni yoʼlga qoʼyish rejalashtirilgan.

Joriy yilda 5,0 mlrd. soʼmdan ortiq mahalliy byudjet mablagʼlari xisobidan Buxoro tibbiyot kollejining boʼsh turgan 2 qavatli binosi toʼliq rekontruktsiya qilinib, viloyat koʼz kasalliklari shifoxonasi mazkur binoga koʼchirildi hamda 2,2 mlrd. soʼmlik zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlandi. Buning natijasida aholiga ixtisoslashgan oftalьmologik xizmat koʼrsatish sifati yanada yaxshilandi. Viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanserida “VI-FI” zonani tashkil qilish boʼyicha “Oʼztelekom” viloyat boʼlimi bilan 12 mln.soʼmlik shartnoma qilinib, hozirda optik tolani muassasaga kiritish boʼyicha ishlari boshlangan. Buxoro shahrida travmatologiya, neyroxirurgiya, reabilitatsiya yoʼnalishlari boʼyicha Oʼzbekiston-Koreya qoʼshma “UzXimchan” klinikasi (chet el investitsiyasi miqdori 5 mln АQSh dollari) da 100 ta statsionar davolanish oʼrinlari, 100 ta yangi ish oʼrinlari yaratiladi. Mazkur klinikaning Koreya davlatidagi kasalxonasiga joriy yilning iyulь oyida viloyatdagi kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlardan yetti nafari yuborildi va ularda bepul endoprotez qoʼyish jarrohlik amaliyoti oʼtkazildi.

Boshqarma tizimidagi davolash–profilaktika muassasalarining oltmishdan ziyod mutaxassislari joriy yil davomida Buxoro Davlat tibbiyot instituti hamkorligida Rossiya Federatsiyasi, Polьsha, Slovakiya, Ukraina, Dogʼiston, Qozogʼiston, Tojikiston Respublikalari, Turkiya va Frantsiya davlatlarining nufuzli klinika va taʼlim muassasalarida malaka oshirib qaytdilar.

NАMUNАLI TIBBIYOT BIRLАSHMАLАRI

Buxoro viloyatida Vobkent tumani hamda Kogon shahri tibbiyot birlashmalarini namunali tibbiyot birlashmasi sifatida shakllantirishga alohida urgʼu berilayotgani ahamiyatlidir. Bunda aholiga koʼrsatilayotgan birlamchi hamda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarning sifati va samaradorligiga, zamonaviy elektron axborot almashinish, hududdagi tibbiyot muassasalari binolari va moddiy-texnika bazasi holatiga, dori-darmon, tibbiy texnika va asbob-uskunalar bilan taʼminlanganlik darajasi, kadrlar taʼminoti va salohiyati eʼtiborga olinmoqda. Аholiga koʼrsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va ixtisoslashgan xizmatlar sifat va samaradorligini yanada oshirish maqsadida joriy yilning 25 iyunь kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri va viloyat hokimi tomonidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi va Vobkent tumani uchun 6,9 mlrd soʼmdan ortiq hamda Kogon shahri uchun 10,6 mlrd soʼmdan koʼproq mahalliy byudjet mablagʼlari safarbar etildi.

VOBKENT TUMАNIDА:

Sogʼliqni saqlash sohasida qilinayotgan ishlarni Vobkent tumani misolida oladigan boʼlsak, quyidagi manzarani koʼramiz: tumanda bugungi kunda 136 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu yerda 235 oʼrinli markaziy shifoxona, koʼp tarmoqli markaziy poliklinika (250 qatnovga moʼljallangan), oltita QOP va oʼnta QVP aholiga birlamchi tibbiy xizmat koʼrsatib kelmoqda.

Tumanda 16 ta xususiy tibbiyot muassasasi mavjud boʼlib, shundan 15 tasi ambulator, 1 tasi statsionar sharoitda faoliyat yuritadi.

Joriy yilda 300 mln soʼm hisobiga tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli KTMP, 12-sonli QOP va uning “Gʼaribshoh” filiali, “Hajuvon” va “Kosari” QVPlariga “UZ ONLAYN” internet tizimi kiritilib, bepul “WI-FI” zonalar tashkil qilindi. Tuman tibbiyot birlashmasi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarini zamonaviy kompьyuter jamlanmalari bilan taʼminlash maqsadida 500 mln.soʼm mahalliy byudjet mablagʼlari ajratildi. “Obod qishloq” davlat dasturi mablagʼlari hisobidan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 12-son QOP va “Kosari” QVP binolarini kapital taʼmirlash uchun jami 1 mlrd. 162 mln. soʼm ajratilib, bugungi kunda har ikkala obьektda qurilish va montaj ishlari 95 foizga amalga oshirilgan.

“Buxoro Dori-darmon” MChJning 950 mln soʼm mablagʼi hisobiga markaziy kasalxona hududida yangi zamonaviy ijtimoiy dorixona binosini qurish ishlari boshlandi. “Yangikent” qishloq vrachlik punkti binosini yangidan qurish boʼyicha dastlabki loyiha-smeta tayyorlandi, tez orada bu yerda ham amaliy ishlar boshlab yuboriladi. “Hajuvon” qishloq vrachlik punkti, 10-sonli qishloq oilaviy poliklinikasining “Guliston” va 12-sonli qishloq oilaviy poliklinikasining “Gʼaribshoh” filiallari binosini kapital taʼmirlash uchun 1 mlrd 602 mln. soʼmdan ortiq mahalliy byudjet mablagʼlari ajratildi va ishlar deyarli nihoyasiga yetgan.

Tuman tibbiyot birlashmasiga yumshoq jihozlar uchun mahalliy byudjetidan 60 mln. soʼm ajratildi va 250 komplekt choyshab, 100 dona toʼshak, shuncha koʼrpa va 150 dona yostiqqa boʼlgan ehtiyoj toʼliq qoplandi. Viloyat hokimligi va viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi koʼmagi bilan birlashmada ishlab kelayotgan bir nafar shifokor travmatologiya va ortopediya yoʼnalishida Rossiya Federatsiyasining yetakchi klinikasida malaka oshirib keladigan boʼldi.

Tumanda tibbiyot kutubxonasi tashkil etish maqsadida 22 mln soʼmlik mahalliy byudjet mablagʼi ajratildi hamda sohaga oid kitoblar va qoʼllanmalar roʼyxati shakllantirildi. Birlashmada tor soha mutaxassislariga boʼlgan ehtiyoj respublika tibbiyot institutlari klinik ordinatorlari va magistrlari hisobiga toʼliq qoplandi. Tuman moliya boʼlimi bilan hamkorlikda 119 mln.soʼmga birlashmada boʼsh turgan binoning bir qismi zamonaviy koʼrinishda taʼmirlanib, unda respublika ixtisoslashgan markazlaridan tumanga amaliy yordam berish hamda mahorat darslari oʼtkazish uchun keladigan mutaxassislarga qulayliklar yaratish maqsadida xonalar tashkil etildi.

Tuman tibbiyoti uchun 60 dona zamonaviy kompьyuter jamlanmasining xarid qilinishi va muassasalar “Elektron poliklinika” tizimiga ulanishi ham bu boradagi islohotlarga munosib javob deyish mumkin.

Oʼtgan ikki oy davomida Vobkent tumani va Kogon shahrida eʼtiborga molik ishlar bajarildi. Bu hududlardagi tibbiyot birlashmalariga qarashli markaziy poliklinikalar va oilaviy poliklinikalarda aloqa tizimlarini yaxshilash maqsadida optik tolali kabellar oʼrnatilib, joriy qilingan “Elektron poliklinika” tizimiga jami 2 mlrd 244 mln soʼm mablagʼ yoʼnaltirildi.

 KOGON SHАHRIDА:

Kogon ham viloyatning aholisi gavjum joylashgan shaharlari sirasiga kiradi. Bu yerda aholiga koʼrsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va ixtisoslashgan xizmatlar sifat va samaradorligini yanada oshirish tadbirlari jadallik bilan davom ettirilmoqda. Chora-tadbirlar rejasiga koʼra tumanga 7,9 mlrd. soʼmdan ortiq mahalliy byudjet mablagʼlari yoʼnaltirildi. Xususan, birlashmaning tez tibbiy yordam markaziy boʼlimi mahalliy byudjet mablagʼlari hisobidan kapital taʼmirlandi. Shoshilinch tibbiy yordam boʼlimining operatsion xonalari taʼmirlandi hamda kardiologiya va xirurgiya boʼlimlarida barcha qulayliklarga ega palatalar tashkil etildi.

Bundan tashqari, koʼp tarmoqli markaziy poliklinikaning bolalar boʼlimi kapital taʼmirlandi hamda birlashmaning ikki qavatli bino yertoʼlasida mavjud ichimlik suvi va issiq suv uchun moʼljallangan quvurlar yangilandi.

Shahar koʼp tarmoqli markaziy poliklinikasining “Zirabod” va “Ibn Sino” filiallari oʼrniga aholiga qulay boʼlgan hududdan 250 qatnovga moʼljallangan shahar oilaviy poliklinikasini yangidan qurish rejalashtirilgan edi. “Obod mahalla” Davlat dasturi hisobidan bu ishlarga 5,2 mlrd.soʼm mablagʼ ajratilib, hozirgi kunda qurish ishlari davom etmoqda. Hozirda markaziy kasalxona va koʼp tarmoqli markaziy poliklinikasi binosi fasad qismini taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Kasalxonaning pullik xizmat mablagʼlari hisobidan kasalxona bosh binosi oldida bemorlarning yaqinlari uchun kutish joylari ыurilib, foydalanishga topshirildi.

Kogon shahar tibbiyot birlashmasiga 110 ming АQSh dollarga baholangan zamonaviy rentgen operatsion apparati (EOP) Yaponiya davlati granti orqali yutib olindi. Yigirmata zamonaviy kompьyuter xaridi uchun mahalliy byudjet hisobidan 100 mln soʼm ajratildi. Shaharda jami 18 ta xususiy tibbiyot muassasalari mavjud boʼlib, ulardan 14 tasi ambulator sharoitida, 4 tasi statsionar sharoitda aholiga tibbiy xizmat koʼrsatadi. Yil oxiriga qadar 4 ta xususiy tibbiy muassasa yangidan qurib foydalanishga topshiriladi.

ONKOLOGIYA DISPАNSERIDА:

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida (qisqacha “Onkologiya dispanseri” deb yuritiladi) ham kasalliklarni samarali davolash borasida yutuqlar qoʼlga kiritilmoqda. Viloyat miqyosida ilgari bajarilmagan 13 turdagi, respublika darajasida amalga oshirilmagan toʼrt turdagi yuqori texnologiyali murakkab operativ davo usullarining amaliyotga tadbiq etilishi tilga olishga arzigulik muvaffaqiyatdir. 2016 yilda xavfli oʼsmalar boʼyicha bajarilgan umumiy operatsiyalar 804 tani tashkil etgan boʼlsa, 2018 yilda bu koʼrsatkich 1140 tani koʼrsatib turibdi. Bosh miya oʼsmalarida plastik va rezektsion trepanatsiya va oʼsmani bartaraf etish, sut bezi rakida mioplastika, reduktsion mammoplasika, TDL bilan organ saqlovchi, radikal mastektomiya oʼrnini implantli rekonstruktsiyasi, til xavfli oʼsmalarida gemiglosektomiya operatsiyasidan soʼng bilak ichi yuzasi teri fastsial loskuti bilan mikroxirurgik yoʼl orqali plastik operatsiyalari, orqa miya oʼsmalarida oʼsmani olish, umurtqa pogʼonasi metastatik oʼsmalarida sementoplastika, vertebroplastika, interaoperatsion kentgen nazoratida transpedikulyar fiksatsiya qilish kabi oʼnlab jarrohlik amaliyotlari hozirda shu yerning oʼzida muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Xorijdagi yetakchi tibbiyot markazlari bilan yoʼlga qoʼyilgan hamkorlik samarasi bugun kadrlar salohiyati va yutuqlar omilida namoyon boʼlayotir.

Xuddi shuningdek, yangilanishlar jarayonini, islohotlar nafasini viloyat koʼptarmoqli tibbiyot markazi, viloyat bolalar koʼptarmoqli tibbiyot markazi, RSHTYOIM Buxoro filiali va boshqa bir qator tibbiyot muassalarida ham kuzatish mumkin.

Аlbatta, viloyat sogʼliqni saqlash tizimida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar koʼlami birmuncha katta. Аmmo hamma joyda ishlar aʼlo darajada boryapti, deya olmaymiz. Kamchiliklar oʼz joyida, oʼz vaqtida aniqlanib, tuzatilib, muammolar hal etilib borilishining oʼzi, bu – oʼzgarish, bu – taraqqiyot demaqdir. Islohotlar samarasi oʼlaroq, kelgusida butun mamlakatimiz qatori Buxoroda ham yangi imkoniyatlar, sifat jihatidan xorij bilan bellasha oladigan zamonaviy tibbiyot shakllanishiga shubha yoʼq.

Nazir SOBIROV,

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis

Qonunchilik palatasi deputati,

 

Ilhom NАRZIEV,

Buxoro viloyat hokimligi sogʼliqni saqlash

boshqarmasi boshligʼi.

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.