Buxoroda oʻrnatilayotgan “aqlli” hisoblagich yongʻinni oldini oladi, isteʼmolchini ogohlantiradi

Buxoroda oʻrnatilayotgan “aqlli” hisoblagich yongʻinni oldini oladi, isteʼmolchini ogohlantiradi

Tilimizga “aqlli” hisoblagichlar iborasi kirib kelganiga koʻp boʻlmagan boʻlsa-da, hududlarda isteʼmolchilarni zamonaviy hisoblagichlar bilan taʼminlash ishlari yakunlanmoqda. Ayni vaqtda Buxoro viloyatida 230 ming xonadonda yangi hisoblagichlar ishlab turibdi. Hozirda Gʻijduvon, Peshku va Vobkent tumanlarida zamonaviy hisoblagichlar oʻrnatish ishlari yakunlandi.

Noqonuniy foydalanmoqchi boʻlsangiz, hisoblagich operatorga xabar yuboradi.
Biz bu boradagi yangiliklarni bilish va yangi hisoblagichning xususiyatlarini oʻrganish uchun Buxoro viloyatida boʻldik. Yangi tizim debitor qarzdorlikka butunlay barham berish, elektr energiyasi taʼminotida uzilishlarga yoʻl qoʻymaslik, energiya yoʻqolishini keskin qisqartirish va undan noqonuniy foydalanishning oldini olish imkonini berar ekan. Bu borada viloyatda Janubiy Koreya bilan keng hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Shu asosda elektr energiyasi taʼminoti sifati imkoniyatlarini keskin koʻtarishi kutilayotgan loyiha – elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) joriy etilmoqda.
– Avvaliga Qorovulbozor tumanida bu loyihani sinovdan oʻtkazdik, – deydi EEHO va NQAT loyihasini joriy qilish boʻyicha “Koreya Telekom” kompaniyasining Buxoro hududiy vakili Xan Su Kim. – Loyiha koʻmagida qarzdorlik 90 foizga kamayib, tushumlar 60 foizga ortganiga guvoh boʻldik. Yil oxiriga qadar Buxoro viloyati toʻliq qamrab olinadi. Har bir hudud bilan avtomatik aloqa yoʻlga qoʻyiladi. Asosiysi isteʼmolchi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanmoqchi boʻlsa, avtomatik oʻchib, operatorga xabar yuboradi. Ushbu hisoblagichni ochishga urinib koʻrsangiz bas, kompyuter markazidagi signal ishga tushib, qaysi hudud, qaysi xonadonda ushbu voqea boʻlayotganigacha xabar beradi. Bu esa yangi tizimda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish butunlay barham topishiga olib keladi.
Elektron hisob tizimi har kuni ertalab isteʼmolchi qancha elektr energiya ishlatgani haqida maʼlumot oladi. Agar uning hisobvaragʻida mablagʻ kam qolgan boʻlsa, “sms” xabarnoma boradi. Soʻngra tizimga avtomatik tokdan ajratish haqida topshiriq beriladi. Qarzdorlik bartarf etilishi bilan tizimni yoqish haqida xabar yuboriladi. Muhimi bu tizim inson omilisiz toʻlaligicha avtomatlashtirilgan.
Zamonaviy hisoblagichlarning ishlashidan shikoyatlar mavjud emas. Bunday holat isbotlangan vaziyat mavjud ham emas. Bunda bitta narsani inobatga olish kerak. Yaʼni hisoblagichlarda ikkita oʻlchov nuqtasi bor. Biri faol faza boʻlsa, ikkinchisi “nol” oʻlchov nuqtasi. Mazkur nuqtalarning qaysi birida kilovatt koʻp boʻlsa, shu hisobga olinadi.
“Aqlli” hisoblagich yongʻinni oldini oladi, isteʼmolchini ogohlantiradi. Negaki, yangi hisoblagichlarda elektr energiyasi uchun toʻlangan mablagʻ tugasa, avtomatik tarzda elektr uzatish toʻxtatiladi. Qolaversa, bitta xonadon sohibi meʼyordan ortiq, elektr uskunalari koʻtarolmaydigan darajada katta miqdorda elektr energiyasidan foydalansa ham “aqlli” hisoblagich bir necha daqiqaga oʻchib qolib, isteʼmolchini ogohlantiradi.
“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati vakili Qahramon Quvvatov bilan Buxoro shahridagi ayrim koʻp qavatli xonadonlarga oʻrnatilgan hisoblagichlarni koʻrdik. Ulardagi rang-barang chiroqlarning oʻziga xos xususiyati haqida bilib oldik.
– Bu shkafda bir nechta xonadonga tegishli boʻlgan zamonaviy hisoblagichlar mavjud, – deydi Q.Quvvatov. – Agarda yashil chiroq yonib turgan boʻlsa, (ASKUE) tizimi bilan aloqasi bor. Sariq rangda boʻlsa, aloqa oʻrnatilmagan boʻladi. Ikkita qizil rangli chiroqlar esa xonadonda elektr energiyasi isteʼmol qilinmayotganidan darak beradi. Mana bu abonent hisoblagichi fevralda oʻrnatilgan boʻlib, oʻtgan davrda 888 kilovatt energiya ishlatilgan. Bu oʻrtacha meʼyorlarga mos keladi. Yangi hisoblagichlarning sezuvchangligi juda yuqori. U oqib oʻtayotgan barcha elektr energiyani toʻliq hisoblab beradi. Shuningdek, agar umumiy kuchlanish 264 kilovattdan oshsa, besh daqiqa kutadi, oʻzgarish boʻlmasa, tarmoqdan avtomatik ajratadi. Shu orqali har xil yongʻin holatlarini oldini oladi.
Shu hududda yashovchi insonlardan birini yangi hisoblagichlar haqidagi fikrini soʻradik.
– Qariyb 20 yil mahalla oqsaqoli boʻlib ishlaganman, – deydi oʻzini mehnat faxriysi deb tanishtirgan otaxon Bozor Ramazonov. – Shu davrda elektrdan qarzdorlikni undirish va u bilan bogʻliq boshqa muammolarni bartaraf etishda koʻp ishtirok etganman. Yangi hisoblagichni xonadonimizga oʻrnatib ketishganda juda quvondim. Qulayligi uning avtomatik boshqarilishi va oldindan haq toʻlanishi ekan. Endi mahallada kimdir toʻlamagan boʻlsa, boshqalar aziyat chekmaydi. Hamma oldindan harakatini qilib qoʻyadi. Bilganimiz xalqni haqi kuymaydi, davlatni ham naqdi kuymaydi. Toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash borasida har bir fuqaroning masʼuliyati oshadi. Hisob-kitobda chalkashlik boʻlmaydi.
Sohadagi muammolardan biri elektr energiyasining texnologik yoʻqotilishi boʻlib, bu koʻrsatkich joylarda umumiy isteʼmolning 15 foizidan 25 foizigacha tashkil etadi. Yangi hisoblagichlarda bu oʻrtacha toʻrt foiz ekani aytilmoqda. Bu esa elektr energiyasi isteʼmolida rekord darajadagi past yoʻqotishdir. Agar shu tarzda yurtimizda 15-18 foiz elektr energiyasining texnologik yoʻqotilishi oldi olinganda ham bu kamida yana bir viloyatga yetarli elektr energiyasi deganidir.
– Yangi hisoblagichning biz uchun eng muhim tomonlaridan biri – hisob-kitobda chalkashlikning yoʻqligi, – deydi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining moliya va elektr sotish masalalari boʻyicha direktori Ilhom Aslonov. – Toʻlov oldindan boʻladi. Isteʼmolchilar qancha elektr energiyasi sarflayotgani haqida har yarim soatda maʼlumot olib turishi mumkin. Buning uchun telefoni yordamida bizning dasturimizga ulanishi kerak. Aslida, elektr energiyasi ham xalqning mulki, kimningdir noqonuniy foydalanishi vaqti kelib, barchaga ziyon yetkazadi. Yangi tizimda esa inson aralashuvi boʻlmaydi. Barcha jarayonlar avtomatik tarzda boʻladi. Mana Vobkent tumanidagi Paxtakor mahallasi hududidagi mazkur maskanda qariyb 900 nafar isteʼmolchining maʼlumotlari yigʻib boriladi. Aslida bu qurilma mingta abonentga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Biz istiqbolda hududda isteʼmolchilar koʻpayishini hisobga oldik.
– Mahallamizga toʻrtta transformator qurilib, 560 xonadondagi hisoblagichlar toʻliq almashtirildi, – deydi Vobkent tumani “Paxtakor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Maston Bozorov. – Oldin uchta transformator bor edi, ularning yoniga toʻrtta qoʻshilgani hisobiga qoʻshimcha zaxira yaratildi. Kelajakda biror-bir tadbirkor ish boshlasa, unga ham elektr bemalol yetadi.
Mazkur mahallada zamonaviy hisoblagichlar xonadonlarning fasadiga yaʼni koʻchaga oʻrnatilgan ekan. Bu xavf tugʻdirmaydimi, bolalar tegishi mumkin-ku? degan savolga mutaxassislar javob berdi.
– Hisoblagichlarning sirti germetik qoplama bilan qoplanib, qulf kalit oʻrnatilgan, –deydi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining moliya va elektr sotish masalalari boʻyicha direktori Ilhom Aslonov. – Har qanday xavfning oldi olingan. Ularning koʻcha tarafga oʻrnatilganiga kelsa, bu aholiga ham, bizning xodimlarga ham qulay. Uy egalari uyda boʻlmasa ham xodimlar kerak boʻlganda hisoblagich koʻrsatkichini yozib ketishi, tekshiruvdan oʻtkazishi mumkin.
Yana bir gap. Buxoro viloyatidagi “aqlli” hisoblagichlar dam olish kunlari mablagʻi tugagan abonentni tarmoqdan ajratmaydi. Bayramlar, kechki 17.00 dan ertalabki 7.00 gacha ham elektrni oʻchirib qoʻymay, qarzga ishlayverar ekan. Aholining imkoniyati va moliya muassasalarida bu vaqtda toʻlov qabul qilish bilan bogʻliq qobiliyati hisobga olinib, dasturga ana shunday topshiriq berilgan.
Koʻp tarmoqli mazkur hisoblagichlar bilan kelajakda elektrni qabul qilish va uzatish imkoniyati boʻlishi aytilmoqda. Shuningdek, kunning qaysi qismida qancha energiya ishlatilgani haqida ham maʼlumotlar olish mumkin. Yil oxiriga qadar Buxoro viloyatidagi barcha hisoblagichlar “aqlli”lariga almashtirilishi kutilmoqda.
Manba uza.uz
This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.