Oʻzbekistonlik yosh olim onkologik kasalliklarga qarshi selen nanozarrali preparat ustida ishlamoqda

Oʻzbekistonlik yosh olim onkologik kasalliklarga qarshi selen nanozarrali preparat ustida ishlamoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Belarus Respublikasiga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborilgan yosh olimlardan biri – Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi institutining yetakchi ilmiy xodimi Haydar Yunusov Belarus Milliy fanlar akademiyasi Yangi materiallar kimyosi institutining “Mikro va nanotuzilishli preparatlar” laboratoriyasida oʻzining ilmiy-amaliy malakasini oshirmoqda.

Yosh tadqiqotchining taʼkidlashicha, “Nanotexnologiya” termini fanga kirib kelganidan soʻng oxirgi yillarda inson organizmining antioksidantlik himoya tizimining tarkibiga kiruvchi selen mikroelementiga qiziqish ortib bormoqda. Ion shaklidan farqli ravishda, selen nanozarralari kam toksiklik va yuqori biologik faollikka ega boʻlib, nafaqat xavfli oʻsimta kelib chiqishining oldini oladi, balki oʻsimta hujayrasining oʻsishini bloklaydi.
Bugungi kunda turli shakldagi onkologik kasalliklarning mavjud preparatlarga barqarorligining ortishi sababli, mahalliy xomashyolar asosida zararsiz, samarali, arzon, eksportbop va import oʻrnini bosuvchi preparatlarning yangi avlodini sintez qilish istiqbolli yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Yuqorida qayd etilgan muammolarni nanotexnologiya usullarini qoʻllash orqali, yaʼni selen nanozarralarini Na-KMS matritsasida shakllantirish va ular asosida biologik faol eritma, gel, kukun, plyonkalar olish, ularning tibbiy-biologik xossalarini oʻrganish orqali bartaraf etish mumkin.
Bundan tashqari, OʻzR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi va Belarus davlat universiteti qoshidagi “Unitexprom” UK bilan tuzilgan shartnomaga binoan Oʻzbekiston–Belarus MRB-AN-2019-16 “Bioparchalanuvchan tabiiy polimer matritsalarda barqarorlashtirilgan selen nanozarralari asosida onkologik kasalliklarni davolashga yoʻnaltirilgan polimer shaklli dori vositalarini yangi avlodini yaratish” xalqaro loyihasi doirasida birgalikda keng koʻlamda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
– Mazkur institutlarda xalqaro talablarga javob bera oladigan ilmiy laboratoriyalar mavjud boʻlib, nanostrukturalarni aniqlovchi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan, – deydi H. Yunusov. – Bundan tashqari “Unitexprom” UK korxonasi onkologik kasalliklarni davolovchi substansiya va dori vositalarini ishlab chiqarish uchun GMP xalqaro sertifikatiga ega. Stajirovka davomida “Sisplatsel”, “Temozolomid”, “Temodeks”, “Prospidelong” kabi bir qator oʻsimta kasalliklarini davolashga yoʻnaltirilgan substansiyalar va dori vositalarini ishlab chiqarish jarayonlariga guvoh boʻldik.
Yosh olim stajirovka davomida olingan natijalar boʻyicha xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish rejalashtirilgan. Mazkur yoʻnalishda tadqiqotlar Oʻzbekistonda tarkibida selen nanozarralari tutgan polimer tarkibli, import oʻrnini bosuvchi dori vositalarning yangi original avlodlarini ishlab chiqarishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Manba uza.uz
This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.