Quturish qanday kasallik?

Quturish kasalligi oldingi zamonlardan ma’lum bo‘lib, o‘tkir kechadigan yuqumli kasallikdir. U markaziy nerv sistemasining og‘ir shikastlanishi bilan xarakterlanadi. Bunda qo‘zg‘alish alomatlari va keyinchalik falajlik kuzatilib, oxiri o‘lim bilan tugaydi. Tabiatda quturish virusining asosiy manbai itlar va itsimonlar oilasiga kiruvchi, bo‘ri, tulki, chiyabo‘rilar hisoblanadi. Lekin hamma issiqqonli xayvonlar sigir, ot, qo‘y, echki, cho‘chqa, mushuk, kemiruvchilar ham odamga va boshqa hayvonlarga kasallikni yuqtirishlari mumkin. Bu kasallik odamga quturgan hayvon tishlaganda, uning so‘lagi yangi terining tirnalgan, kesilgan joylariga, shuningdek, ko‘z, burun shilliq pardalariga tushganda yoki odam tasodifan quturgan hayvonning terisini shilganda, uning miya va so‘lagi bilan qo‘l ifloslanganda, so‘lak tekkan jismlarga suykalganda ham yuqishi mumkin.

Ta’kidlash muhimki, bo‘ri, tulki, shoqol va boshqa yovvoyi hayvonlar orasida quturish kasalligi doimo uchrab turadi. Vaqti-vaqti bilan bu yovvoyi hayvonlar it va mushuklarni tishlab, kasallikni ularga yuqtiradi. Yana achinarlisi shundaki, bunday bedavo dardning hayvonlardan odamlarga yuqishi inson hayotini xavf ostiga qo‘yib, bunday holat o‘lim bilan tugaydi.

Odamlar uchun quturish kasalligining manbai bo‘lib, yovvoyi hayvonlardan bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, yenotsimon itlar, barsuk, mangust, ko‘rshapalak va boshqalar hamda uy hayvonlaridan asosan, it va mushuklar hisoblanadi. Shahar sharoitida odamlar uchun quturish kasalligining asosiy manbai itlardir. Odamga kasallik quturish kasalligiga chalingan hayvonlarning (it, mushuk va h.k.) tishlashi  va so‘laklashi, kamdan-kam hollarda esa tirnashi natijasida yuqadi, uning yuqish mexanizmi – muloqot (teri, shilliq qavat) orqali amalga oshadi. Kasallik odamga kamdan-kam hollarda virus bilan zararlangan hayvon terisi va aspiratsion yo‘l bilan (ko‘rshapalak joylashgan g‘orlarda) yuqishi mumkin. Virus bilan zararlangan so‘lak kasallikning asosiy va yetakchi omili hisoblanadi. Kasallik kelib chiqishida virusning odam organizmining qaysi qismidan kirishi muhim o‘rin tutadi va kasallik jarayoni kelib chiqishining salmog‘i aynan shunga bog‘liq. Quturish kasalligida sezilarli mavsumiylik kuzatilmaydi.

So‘lak bilan terining ichiga kirgan virus nerv tolalari orqali markaziy nerv tizimi hujayralariga yetib boradi va nerv to‘qimasini jarohatlaydi, natijada quturish kasalligi yuzaga chiqadi. It  tishlagan jarohat qanchalik bosh miyaga yaqin bo‘lsa, kasallikning davri shuncha qisqa (15-30 kun) bo‘ladi, aksincha, jarohat oyoq va qo‘l uchlarida bo‘lsa, kasallikning yashirin davri uzoq (bir necha oy) davom etishi mumkin.

Odatda, hayvon yoki odamni tishlagan it quturgan bo‘lsa, 10 kun ichida o‘ladi yoki bedarak yo‘qoladi.

Agar it quturgan bo‘lsa:

– ovqat yemay qo‘yadi;

– bezovtalanadi;

– hurishi bo‘g‘iq bo‘ladi;

– egasiga itoat qilmaydi;

– duch kelgan narsalarni g‘ajiydi;

– qopag‘on bo‘ladi;

– juda ko‘p so‘lak oqadi;

– oyoqlarida falaj boshlanadi;

– keyinroq duch kelgan hayvon va odamni, hatto egasini tishlashga harakat qiladi, so‘ngra oyoqlarida falajlanish paydo bo‘lib, tinchlanib qoladi va o‘ladi.

Quturish kasalligining oldini olish uchun:

– xizmatdagi va xonadondagi mavjud itlarni o‘z vaqtida quturishga qarshi emlatish;

– bolalarning itlar bilan o‘ynashiga yo‘l qo‘ymaslik;

– xonadondagi itlarni ko‘chaga qarovsiz qo‘yib yubormaslik;

– itlarni ko‘chaga bo‘yinbog‘ va tumshuqtasmada olib chiqish;

– hayvon yoki odamni tishlagan itni albatta veterinar kuzatuviga olib borish zarur.

It tishlashdan jabrlangan odam shu zahotiyoq tibbiy yordamga murojaat qilishi zarur

Xulosa qilib aytganda, quturish kasalligidan saqlanish, sevimli jonivoringiz xavfsizligini ta’minlash uchun  “Aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash Qoidalari”ga mufoviq ularni tegishli davlat veterinariya bo‘limlarida ro‘yxatga qo‘yib, emlatish, pasport va jeton olish, itlarni saqlash qoidalariga rioya qilish kifoyadir.

Buxoro viloyat hokimligi sog‘liqni
saqlash boshqarmasi axborot xizmati

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.