Kuydirgi kasalligi

     Chorvachilikni rivojlantirishda chorva mollarining kasalliklarining oldini olish va ularga qarshi kurashishi muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki viloyatimiz xududida ko‘plab o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning tabiy o‘choqlari mavjud. Shulardan bittasi kuydirgi kasalligidir.

 Kuydirgi-(Sibir yarasi, antraks), inson va hayvonlarga xos bo‘lgan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, teri va teri osti to‘qimalarida serozli va gemoragik shishlar paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi.

      Ko‘p asrlar davomida kuydirgi keng tarqalgan kasallik bo‘lib bir zamonlar odamzot boshiga ko‘p talofat keltirgan. Kuydirgi bilan har yili millionlab odamlar kasallangan. Abu Ali Ibn Sino, Gippokrat, Gomer, Ovidiylar uni “hayvonlardan odamlarga yuqadigan kasallik” deb ta’riflashgan.

          Kuydirgi kasalligining qo‘zg‘atuvchisi (Bacillus antrax) aerob, harakatsiz tayyoqcha bo‘lib, uzunligi 5-10 mikron, eni 1-1,5 mikronni tashkil etadi, tashqi sharoitga qarab tayoqchali ya’ni vegatativ va spora shaklida bo‘ladi. Kuydirgi mikrobini virulentligi shundaki, tashqi qobig‘ida va hayvon organizimida, spetsifik kapsula hosil qilib, o‘zidan kuchli zahar (toksin) ishlab chiqaradi, shu bilan birga spora shaklida kislorod yetishmagan va quruq tuproqlarda 100 yilgacha yashash xususiyatiga ega.

      Kuydirgi kasalligiga asosan qoramollar, qo‘y va echkilar, ot, eshak hamda tuyalar moyil hisoblanadi. It, mushuk va yovvoyi yirtqich hayvonlar kasallikka kamroq chalinadi. Sovuq qonli hayvonlar va parrandalar kasallikka chalinmaydi. Shu bilan birga yovvoiy hayvonlar va yirtqich parrandalar (qarg‘a, quzg‘un va boshqa) kasallangan hayvon go‘shtini yoki jasadini yegandan so‘ng uzoq muddat davomida kuydirgi sporasini axlati va siydigi yordamida kasallik quzg‘atuvchisini tashqi muhitga tarqatadi.

        Kasallik o‘ziga xos klinik belgilar bilan kechadi. Kasallikning yashirin davri 1-3, ba’zan 8 kungacha davom etadi. Kasallikning kechishi o‘tkir, yarim o‘tkir, ba’zan esa yashin tezligida boshlanadi. Kasallik yashin tezligida boshlanganda hayvon birdan yiqilib, og‘zi, burni, orqa teshikdan qon aralash suyuqlik (ko‘pik) ajraladi va hayvon nobud bo‘ladi. Oqqan qon ivimaydi.

        Yirik shoxli hayvonlarda kasallik yarim o‘tkir tarzda kechganda tana harorati 40-45 darajagacha ko‘tariladi, mushaklari qisqaradi, tomir urishi tezlashadi, nafas olganda shovqin paydo bo‘ladi, qorin shishadi, orqa ichakdan axlat bilan qon aralash suyuqlik, siydik bilan qon ajraladi va hayvon nobud bo‘ladi. Yirik shoxli hayvonlarda kasallik karbunkulyoz shaklida ham kechadi.

      Otlarda kasallik qattiq sanchiq bilan boshlanadi, ichak turida kechadi va terida, boshda, kukrakda, yelinda, infiltratlar paydo bo‘ladi. Kasallik karbunkulyoz turida ham kechishi mumkin, bunda infiltratlar chuqur joylashib, gangrena va parchalanish bilan tugaydi.

      Mayda shoxli mollarda kuydirgi yashin tezligida yoki o‘tkir kechadi. Hayvonlar tusatdan tirishish, qon ketish alomatlari bilan nobud bo‘ladi. Hayvonlar to‘g‘ri ichagi va jinsiy a’zolari shilliq qavatida tugunli yassi gemorragik shishlar paydo bo‘ladi.

     Chuchqalarda sepsis alomatlari deyarli kuzatilmaydi, ko‘pincha kasallik angina, ya’ni hiqildoqning yallig‘lanishi, bo‘yin, ko‘krak qafasining shishuvi bilan o‘tadi, tilda, qattiq tanglayda shish va karbunkul paydo bo‘ladi, hayvon mexanik asfiksiya (bo‘g‘ilish) dan nobud bo‘ladi. Chuchqalarda kasallik ba’zan surunkali shaklda ham kechishi mumkin.

      Kasallik qo‘zg‘atuvchilarining atrof muxitga tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kuydirgiga gumon qilingan hayvonlarni yorib ko‘rish, tashish qat’iyan taqiqlanadi. Laborator tashhis uchun patmaterial mutaxassis tomonidan maxsus usulda olinadi.

Kasalik odamlarga kasal xayvonlarni parvarishlaganda, kasallangan xayvonlardan olingan teri, junga ishlov berganda, kasallangan xayvonlardan olingan sut va go‘shtni iste’mol qilgan xollarda, veterinariya mutaxassisi ruxsatisiz hayvonlarni so‘yish, veterinariya ko‘rigidan o‘tmagan chorvachilik mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida yuqadi.

       Odamlarda kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 14 kungacha, o‘rtacha 2-3 kun davom etadi. Kasallik bir necha turda ko‘proq (95-98 foizgacha) teri turida kechadi. Bunda mikrob tushgan joyda qizg‘ish yoki ko‘kimtir rangda dog‘ paydo bo‘ladi, bu dog‘ papulaga, vezikulaga, pustula va yaraga aylanadi. Yaraning usti qora parda bilan qoplanadi va og‘riqsiz kechadi. Yaraga yaqin bo‘lgan limfa bezlari zararlanib, lmfadenit, sepsis paydo bo‘ladi. Bemorda quvvatsizlik, tana harorati ko‘tarilishi, bosh og‘rigi, bosh aylanishi, qusish, jigar va taloqning kattalashuvi kabi alomatlar kuzatiladi.

       Kuydirgi kasalligining oldini olish uchun xayvonlarni o‘z vaqtida ro‘yxatga olib borish va ushbu kasallikka qarshi emlash, veterinariya sanitariya tadbirlarini, ya’ni dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya ishlarini o‘z vaqtida o‘tkazib turish, ayniqsa xayvonlarni veterinariya mutaxassilari nazorati ostida bo‘lishi, mollarni belgilangan joylarda-maxsus qushxona va so‘yish maydonchalarida so‘yilishi muxim ahamiyat kasb etadi. Gusht, sut maxsulotlari veterinariya sanitariya talablariga qat’iy rioya kilgan xolda iste’molga chiqarilishi lozim.

       Kuydirgi kasalligi o‘ta xavfli kasallik bo‘lganligi sababli, unga qarshi tadbirlar to‘liq davlat budjeti hisobidan, bepul o‘tkaziladi. Lekin, ta’kidlash lozimki, emlash tadbirlari samaradorligi, mavjud mollar to‘liq emlanganda yuqori buladi. Ayniqsa axolida mavjud mollar to‘lik ruyxatga olinmaganligi, axoli tomonidan mol sotib olinganligi to‘g‘risida joylardagi veterinariya mutaxassislariga o‘z vaqtida xabar berilmasligi mollarning emlanmay qolishi kasallik kelib chiqishi xavfini kuchaytiradi.

Kuydirgi kasalligidan saqlanish uchun:

-o‘zingizga tegishli xayvonlarni xududingizdagi veterinariya muassasasida ro‘yxatga quying, bu hayvonlarning kuydirgiga qarshi samarali vaksinalar bilan o‘z vaqtida emlanishi garovidir;

-xayvonlarda xar qanday kasallik alomatlarini payqasangiz darxol veterinariya mutaxassisiga xabar bering, kasallikni o‘zingiz aniqlash yoki davolashga urinmang;

-go‘sht, sut maxsulotlarini faqat maxsus belgilangan joylarda (gusht do‘konlari, dexkon bozorlaridagi pavilonlar, maxsus marketlar) xarid qiling, go‘sht maxsulotlarida veterinariya ko‘rigi xaqida tamg‘a (kleymo) bo‘lishiga e’tibor bering, go‘sht sotuvchisidan veterinariya ma’lumotnomasini talab qiling;

-shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

M.M.ABDULLAYEV,  Buxoro viloyati veterinariya va

chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.