Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi qanday kasallik?

     Qrim-Kongo gemorragik isitmasi tabiyi uchoqli kasallik hisoblanadi. Kasallik bilan hayvonlar zararlangan, sog‘ hayvonlarga o‘tishi mumkin bo‘lgan hudud kasallik uchog‘i deyiladi. Agar kasallik uchog‘i tabiatda odamlar faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lsa, bu joy kasallikning tabiiy uchog‘i deb ataladi. Tabiy o‘choqda yashovchi yovvoiy hayvonlar-chul sichqonlari, tipratikonlar, yumronqoziqlar, quyon, tulki kabilar kanalarning yil davomida yashab ko‘payishiga imkon yaratadi, kanalar esa o‘z navbatida tanasida kasallik qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan viruslarni saqlaydi. Ko‘rinib turibdiki, tabiatda kasallik o‘choqlari saqlanib qolishi chorvachilikning rivojlanganligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq emas.

Ushbu hududlarga ekspeditsiyalarga, chorva ozuqasi jamg‘arish, ov qilish yoki shunchaki tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish uchun kelgan odamlar kana chaqishi natijasida kasallikga chalinishi mumkin, shuningdek ushbu hududlarga o‘tlash uchun kelgan chorva hayvonlari ham kanalarni o‘zi bilan birga olib kelishi mumkin.

          Cho‘l va sahro zonalari, pasttekisliklarning daryo bo‘yi to‘qayzorlari, tog‘ oldi zonalari tabiiy o‘chog‘i bo‘lishi mumkin.

Kasallikning asosan bahor-yoz mavsumida qayd etilishi kasallik qo‘zg‘atuvchisi manbaasi bo‘lgan kanalar faolligi bilan bog‘liq, chunki kanalar kunlik harorat o‘rtacha 10 daraja va undan yuqori bo‘lganda faollashib ozuqa manbasi-issiq qonli hayvonlar yoki odamlarga hamla qiladi.

Kasallikning odamlarga yuqishi kana chaqqanda, kanalarni qul bilan olib tashlash, qaychi bilan kesish jarayonida qon sachrashi, shuningdek kasal odamlar bilan kontaktda bo‘lish jarayonida ro‘y beradi.

       Kasallikning yashirin davri 1 kundan 14 kungacha, o‘rtacha 4-6 kunni tashkil etadi. Kasallik tana haroratining keskin ko‘tarilishi (39-40 darajagacha), bosh og‘rigi, mushaklarda, bo‘g‘inlarda, qorin va bel sohasida og‘riqlar paydo bo‘lishi bilan boshlanadi. Bemorning ishtahasi yo‘qoladi, darmoni quriydi, kungli aynib qusadi, ichi suyuq utadi, yuzi va shilliq pardalarning qizarishi ko‘zatiladi.

Ozroq vaqt (bir necha soat yoki kun) o‘tgandan so‘ng tana harorati tushadi va odam huddi sog‘aygandek tuyuladi, lekin sal o‘tmasdan kasallikning ikkinchi-gemorragik davri boshlanadi. Bunda burundan qon ketishi, terida nuqtasimon qon qo‘ylishlar, ukol qilingan joylarda qon qo‘yilishlar, ko‘zatiladi. Qon qo‘yilishi ichki a’zolarda (oshqozon-ichak, bachadon) ro‘y berishi mumkin. Kasal odam ajratmalarida (qon, qusiq moddalari, siydigi, va boshqalar) ko‘plab kasallik viruslari bo‘lib, atrofdagilarga katta havf to‘g‘diradi. Agar o‘z vaqtida kasalxonaga murojaat etilmasa ko‘p qon yo‘qotish natijasida bemorning ahvoli og‘irlashib, yurak-qon tomir yetishmovchiligi va boshqa organlar faoliyati chuqur buzilishi natijasida bemor halok bo‘lishi mumkin.

           Kasallikni davolash faqat maxsus statsionarlarda o‘tkaziladi, o‘yda davolash mumkin emas, bu bemor hayotiga va atrofdagilarga katta havf to‘g‘diradi. Kasallik barvaqt aniqlansa va tegishli davo choralari o‘z vaqtida o‘tkazilsa bemorlar to‘liq sog‘ayib ketadi.

          Kasallikni yuqtirmaslik uchun qo‘yidagi qoidalarga qatiy amal qilish lozim:

        Chorva va uy hayvonlarida kanani payqasangiz uni qo‘l bilan olib tashlashga yoki qaychi bilan kesishga harakat qilmang, darhol veterinariya mutaxassisiga murojaat qilib, uning maslahat va ko‘rsatmalarini bajaring;

        esda tuting, kana odam tanasiga o‘tib olgandan keyin darhol chaqmaydi, avval o‘ziga qo‘lay joy qidiradi (qo‘ltiq osti, chatan va boshqa issiq va pana joy), bu vaqtda uni payqab qolsangiz pinset yordamida, rezina qulqop bilan olib tashlang, agar kana tanaga yopishgan bo‘lsa uni zinhor yulib olmang, kananing nafas olish a’zosi tanasining orqa qismida joylashgan bo‘lib, uning ustiga kamfora yog‘i, agar u yo‘q bulsa oddiy usimlik yog‘ini tomizsangiz nafas ola olmay qolgan kana uzi so‘rg‘ichini tanadan chiqaradi, keyin uni osongina pinset yoki rezina qo‘lqop bilan olib tashlash mumkin, tibbiyot maskani yaqin bo‘lsa imkoni boricha darhol tibbiyot xodimlariga murojaat qiling, u yerda kanani olib tashlab, o‘zingizni malakali mutaxassilar tibbiyot kuzatuviga oladi.

       chorva mollarining junini qirqish oldidan ularga maxsus vositalar yordamida kanalarga qarshi ishlov berish;

qirqimga jalb qilingan ishchilar to‘liq maxsus kiyim (etik, kombinezon, qo‘lqop) bilan ta’minlanib, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish;

veterinariya ko‘rigidan o‘tkazilmagan, kasal hayvonlarni so‘ymaslik;

        molxona, qo‘ra-qo‘tonlarda muntazzam ravishda kanalarga qarshi dezinseksiya tadbirlarini o‘tkazib borish, ahlat va gung yig‘ilib qolishiga, sichqonlar va boshqa kemiruvchilar ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik.

        Krim-Kongo gemorragik isitmasiga qarshi emlama, maxsus davolash usuli mavjud emas, yuqoridagi qoidalarga qat’iy amal qilsak,  qayd etilgan kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini boshqalarga ham tushintirsangiz o‘zimizning va atrofdagilarning sog‘ligini himoya qilgan bo‘lamiz.

Buxoro viloyat hokimligi sog‘liqni
saqlash boshqarmasi axborot xizmati

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.